Главная » 2013 » Апрель » 18 » ENG IQTIDORLI YOSHLAR DAVRASI
19:47
ENG IQTIDORLI YOSHLAR DAVRASI
An'anaga ko'ra, iyul oyining dastlabki sanasida Shahrisabz tumanidagi Miraki shaharchasida Fond Forum va "Kelajak ovozi" yoshlar tashabbuslari markazining keng miqyosli loyihasi – "Kelajak ovozi-2012" yozgi o'quv oromgohi faoliyat boshladi. 
Sho'rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli "Lochin" bolalar oromgohida amalga oshirilayotgan bu loyihaga Fond Forum va "Kelajak ovozi" YoTM bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi, O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O'zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi va Qashqadaryo viloyati hokimligi tashkilotchilik qilishmoqda. Joriy yilda "Kelajak ovozi" o'quv oromgohi respublikamizdagi barcha hududlarda yanada ko'proq yoshlarda qiziqish uyg'otib, ishtirokchilar arizalar tahlili va suhbatlar yakuniga ko'ra, eng iqtidorli yoshlar safidan saralab olindi. Natijada 600 nafar yigit va qiz respublikamizning etakchi mutaxassislari va xalqaro murabbiylar tomonidan o'tkaziladigan seminar-treninglar, shuningdek, taniqli jamoat arboblari hamda madaniyat va san'at vakillari ishtirokida tashkil qilinadigan uchrashuvlarda qatnashish imkoniyatini qo'lga kiritdilar. 
Madaniyat va san'at, biznes va tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, bahs-munozara, bosma OAV va telejurnalistika, ish bilan ta'minlash kabi bir qator yo'nalishlar bo'yicha guruhlarga bo'lingan ishtirokchilar uchun ikki hafta davomida mashg'ulotlar olib boriladi. Amaliy qismda esa taqdimot, tanlov, matbuot anjumani, bahs-munozara, biznes-forum singari tadbirlar tashkil etiladi. Bundan tashqari madaniy dastur doirasida turli intellektual o'yinlar, milliy liboslar namoyishlari, har xil ko'rik-tanlov va taqdimotlar, teatrlashgan namoyishlar va taniqli insonlar bilan uchrashuvlar o'tkaziladi. 
"Kelajak ovozi" yozgi o'quv oromgohi qatnashchilari respublikamizning tajribali trenerlari va xalqaro mutaxassislar tomonidan olib boriluvchi seminar-treninglar va amaliy mashg'ulotlar orqali "Tadbirkorlik ko'nikmalari", "Axborot texnologiyalari va innovasion g'oyalar", "Bahs olib borish qoidalari", "Rasmiy chiqish va notiqlik mahorati", "Jamoaviy birlashuv va Team - building", "RR va reklama", "Ijodiy tafakkur" va boshqa mavzular bo'yicha o'z bilimlarini oshirishlari mumkin. 
"Kelajak ovozi" yozgi o'quv oromgohi loyihasi respublikamizdagi tashkilotlar bilan birga Britaniya kengashining O'zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA), BMT Axborot markazi (UNIC), K.Adenauer nomidagi jamg'arma, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Toshkent Xalqaro Vestminstr universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va boshqalar tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda. 
Eslatib o'tamiz, har yili loyiha tashkilotchilari "Kelajak ovozi" yozgi o'quv oromgohi doirasidagi tadbirlar yanada qiziqarli bo'lishi uchun ko'plab yangiliklar kiritib bormoqdalar. Misol uchun, 2009 yilda muayyan bir hudud bozorida turli kompaniyalarning faoliyatini olib borishga asoslangan o'yin tatbiq etilgan bo'lsa, 2010 yilda ishtirokchilar turli rivojlangan shaharlar bilan yaqindan tanishish, 2011 yili esa ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bo'yicha nazariy va amaliy bilimlar olishga muvaffaq bo'lishgandi.
Категория: Yangiliklar | Просмотров: 1211 | Добавил: mix-admin | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]